Xorazm viloyati Shovot tumanidagi ayrim fanlar chuqur o‘rganiladigan 1-son ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktab-internati o‘zining katta tarixi va salmoqli natijalari bilan mashhur. Shunday yirik va sharafli yutuqlarga ega maktabni Prezidentimiz 2019-yilda Xorazmga tashriflari paytida alohida tilga olib, e’tirof etib o‘tdilar va maktab negizida zamonaviy ta’lim maskani qad rostlashini aytgan edilar. Shu munosabat bilan, 2020-yil 19-mart kuni ushbu maktab negizida Al-Xorazmiy nomidagi Xalqaro fizika-matematika maktab-internatini tashkil etish to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasining qarori qabul qilindi. Ushbu qaror bilan ayrim fanlar chuqur o‘rganiladigan 1-son ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktab-internati negizida Al-Xorazmiy nomidagi Xalqaro fizika va matematika maktab-internati (keyingi o‘rinlarda - maktab) tashkil etildi. Qayd etib o‘tilgan hukumat qarorida maktabni zamonaviy ta’lim dargohiga aylantirish, unda tahsil oladigan o‘quvchilarni mustaqil fikrli, tashabbuskor, kreativ va xalqaro maydonda o‘zini dadil namoyon eta oladigan ilmli yoshlar sifatida tarbiyalash maqsadi qo‘yildi. Buning uchun yetarli shart-sharoit yaratilishi, xususan, maktabga mahalliy va xorijiy yetuk o‘qituvchilarni jalb qilish va moddiy-texnik bazasini mustahkamlash bo‘yicha tegishli tashkilotlarga vazifalar belgilandi.
Maktabning asosiy maqsadi – xalqaro maydonda mamlakatimizning nufuzini yanada yuksaltirish uchun iqtidorli yoshlarni aniqlash va yuqori malakali kadrlar tayyorlashning uzluksiz tizimini yaratishdan iborat. Maktabning asosiy vazifalari – Vazirlar Mahkamasining”Al-Xorazmiy nomidagi Xalqaro fizika va matematika maktab-internatini tashkil etish to‘g‘risida“gi qarori bilan belgilab berilgan bo‘lib, bular quyidagilar: o umumiy o‘rta ta’limning davlat ta’lim standartlari asosida zamonaviy axborot texnologiyalaridan keng foydalangan holda aniq va tabiiy fanlar, shuningdek, chet tillari chuqur o‘qitilishini tashkil etish; o o‘quvchilarning ijodiy salohiyatini namoyon qilish va faollashtirish; o har bir o‘quvchining individual xususiyatlarini hisobga olgan holda mustaqil tadqiqotchilik faoliyati ko‘nikmalarini shakllantirish va rivojlantirish; o mahalliy va xorijiy mamlakatlardan yuqori kasb mahoratiga ega bo‘lgan tajribali o‘qituvchilarni jalb qilish; o iqtidor va iste’dodni aniqlash hamda kamol toptirish bo‘yicha o‘quvchilarni Respublika va xalqaro fan olimpiadalari, tanlovlar va boshqa tadbirlarda qatnashishga tayyorlash. Bugungi kunda maktabda jami 105 nafar xodim faoliyat ko‘rsatib kelishadi, ularning 34 nafari malakali pedagog o‘qituvchilar tarkibi tashkil qiladi. Ularning 26 nafari oliy toifali, 8 nafari birinchi toifali xodimlardir. Maktabda 1 nafar “Xalq o‘qituvchisi” unvoniga ega bo‘lgan o‘qituvchi faoliyat ko‘rsatmoqda. 6 nafar o‘qituvchilar esa, Davlat mukofotlari bilan taqdirlanishgan. 10 nafar o‘qituvchilar “Xalq ta’limi a’lochisi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlanishgan. Maktabda fizika, matematika va chet tili fanlarini chuqurlashtirib o‘qitish bilan birga, ona tili va adabiyot, rus tili va adabiyoti, geografiya, tarix, informatika va axborot texnologiyalari, kimyo , biologiya, tarbiya, jismoniy tarbiya, musiqa, tasviriy san’at, ma’naviyat, texnologiya, iqtisodiy bilim asoslari, davlat va huquq asoslari, chizmachilik, dunyo dinlari tarixi, CHQBT, astronomiya, tadbirkorlik asoslari kabi fanlar ham malakali o‘qituvchilar tomonidan ta’lim beriladi. Maktabga o‘qishga qabul qilingan o‘quvchilarga akademik murabbiy (kurator) biriktiriladi hamda muntazam ravishda o‘quvchining rivojlanishi va fanlarni o‘zlashtirishini nazorat qilib boradi. Kurator o‘quvchilar haqidagi barcha zarur ma’lumotlarga ega bo‘ladi va uning ota-onasi va o‘qituvchilari bilan doimiy aloqada bo‘ladi. Maktabni ko‘rkam va sifatli ta’lim dargohiga aylantirishda barcha pedagog-o‘qituvchilar, tarbiyachilarning, homiy tashkilotlar, ota-onalarning xizmati beqiyos o‘rin tutadi.
Maktab 1976-yil 12-oktyabrda 624 o‘rinli binoda tashkil qilinib, unga yaxshi niyatlar bilan jahonda matematika ilmiga asos solgan eldoshimiz Al-Xorazmiy nomi berildi. Maktabning birinchi direktori Xudoyberganov Abdusharif, o‘quv ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari Saparboyev Sultonboy va tarbiyaviy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari Jumaboyev Yo‘ldoshlar hisoblanishadi. Maktab tashkil qilingan yili 570 nafar o‘quvchi va 57 nafar pedagog xodimlar bilan ish boshlagan. 1977-yil 1-sentabrdan boshlab maktabda matematika fani o‘qituvchisi R. Allaberganov rahbarligida matematika fani chuqur o‘rgatiladigan sinf ochilib, unga 26 nafar o‘quvchi olingan. Ularning 7 nafari oltin medal va 11 nafari “Faxriy yorliq” bilan taqdirlangan. 1983-yili bobomiz Al-Xorazmiyning 1250 yilligi nishonlanishi munosabati bilan O‘zbekiston Fanlar akademiyasining akademiklari S. Sirojiddinov, M.Salohiddinov, V. Kabulov, T. Azlarov, M. Mirzaaxmedov, A.Sa’dullayev, Sh. Farmonov, A. A’zamov va M. Gafurovlar maktabda mehmon bo‘lganlar. Al-Xorazmiy nomli maktab tashkil qilingandan buyon bu dargohdan ajoyib pedagoglar yetishib chiqqan. Jumladan, maktabning faxriylaridan bo‘lgan va uzoq yillar mobaynida maktabning rahbari sifatida faoliyat olib borgan “Xalq ta’limi a’lochisi” Ro‘zimboy Allaberganov 1985-yilda viloyatda birinchilardan bo‘lib, 38 yoshida "O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi" faxriy unvoniga sazovor bo‘lgan. Ro‘zimboy Allaberganovning maktabni rivojlantirish borasidagi ishi 1990-yilda Respublika miqyosida ommalashtirildi. Shu bilan birga bunday jonkuyar malakali, sadoqatli pedagoglar Abdusharif Xudayberganov, Qo‘ziboy Atabayev, Dilorom Xasanova, Sultonboy Saparboyev, Iskandar Qilichev, Spartak Vohidovlarning ham maktabning rivojlanish tarixidagi o‘rni beqiyosdir. Tashkil etilganiga 45 yil to‘lgan ushbu maktabdan o‘tgan yillarda ko‘plab olimlar, xususan, 36 nafar fan doktori, 68 nafar fan nomzodi etishib chiqqan. Bundan tashqari ko‘plab rahbar xodimlar, tadbirkorlar va yetakchilarga bilim asoslarini singdirgan ta’lim maskani sifatida katta obro‘ga ega. Turli yillarda Ukrainada (1984), Rossiyada (1986, 1993), Qirg‘izistonda (1987), Qozog‘istonda (1988) o‘tgan fizika-matematikadan xalqaro olimpiadalarda 80 dan ortiq o‘quvchi qatnashib, g‘oliblikni qo‘lga kiritgan. Maktab 1976-yilda 42-Al-Xorazmiy nomli o‘rta ta’lim maktabi nomi bilan, 1985-yildan Al-Xorazmiy nomli 120-son “Yosh matematiklar va fiziklar maktab-internati” nomi bilan faoliyat olib borgan bo‘lsa, 1993-yilda muassasaga 1-son viloyat litseyi maqomi,2005-yilda 1-ixtisoslashtirilgan umumiy o‘rta ta’lim maktab-internati maqomi berilgan. 2009-yildan ayrim fanlar chuqur o‘rganiladigan 1-ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktab-internati sifatida faoliyat yuritgan. 2021-yilda Al-Xorazmiy nomidagi Xalqaro fizika va matematika maktab-internati sifatida qayta tashkil etildi.
Bizda zamonaviy o'quv binosi va yetuk professor o'qituvchilarning mavjudligi
Mustaqil O'zbekistonimizga kuchli kadrlarni yetkazib berish
100% natija bilan universitetlarga kirishni ta'minlash
O'quvchilar bitirgan
O'quvchilar talabalik sharafiga muyassar bo'lishgan
Olimpiada g'oliblari
Talabalar turar joyi